Isroil hukumati HAMAS bilan falastinlik asirlar evaziga garovga olinganlarning bir qismini ozod qilish va o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishni nazarda tutuvchi kelishuvni ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Meduza” Haaretz nashriga tayanib.

Kelishuvga ko‘ra, to‘rt kun ichida 50 nafar ayol va bolani ozod qiladi. Bu vaqt ichida G‘azo sektorida janglar bo‘lmaydi. Isroil bunga javoban 150 nafar falastinlik ayol va yoshlarni Isroil qamoqxonalaridan ozod qiladi.

Sulh vaqtida insonparvarlik yordami, dori-darmon va yonilg‘i yuklangan yuzlab yuk mashinalari G‘azoga kirishi mumkin bo‘ladi, deya HAMAS bayonotidan iqtibos keltirmoqda Reuters. Shuningdek, Isroil sulh paytida G‘azo sektorining barcha hududlarida hibsga olishlarni to‘xtatishga va’da bergani keltirilgan.

O‘z navbatida, Isroil hukumati harbiy harakatlardagi tanaffuslarni ozod qilingan har 10 fuqaro uchun bir kunga uzaytirishga tayyorligini bildirgan.

Muzokaralarda vositachi sifatida Qatar, Misr va AQSh vakillari ishtirok etdi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi bayonotida G‘azo sektorida gumanitar pauza yaqin 24 soat ichida e’lon qilinishi bildirilgan.

Bu Isroil va HAMAS o‘rtasida 7-oktabr kuni boshlangan janglardan beri imzolangan birinchi kelishuv sanaladi. Hujumlar davomida Isroilda 1200 dan ortiq odam o‘lgan, 240 ga yaqin kishi garovga olingan. Isroil armiyasi HAMASga javoban G‘azo sektoriga bergan zarbalarni oqibatida, sektor Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.