Rossiyaning Moskva shahri Sviblovo hududida migrantlar oshxonada navbat talashib, ommaviy mushtlashuv ro‘y bergani, ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani xabar qilindi.

Unga ko‘ra, 16-noyabr kuni politsiyaga janjal bo‘layotgani haqida ma’lumot kelib tushgan, unda oshxonadagi navbat sabab bu holat ro‘y bergani ma’lum qilingan. Shundan so‘ng bo‘limga 37 kishi olib kelingan.

“Ularning 35 nafari O‘zbekiston, bir nafari Rossiya va bir nafari Turkiya fuqarosi edi… Mushtlashuv oqibatida jarohatlanganlar bor, biroq hammaga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Politsiya bo‘limiga kelganlarning barmoq izlari olingan”, — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16-noyabr kuni Moskva shahrining Sviblovo tumanida joylashgan Afi Tower ko‘p qavatli uy qurilishi maydonida 35−40 nafar fuqaro ishtirokida janjal yuz bergan.

“Sviblovo tumani ichki ishlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan ommaviy mushtlashuv oshxonaga kirish uchun navbatda turgan ishchilar va umumiy navbatni chetlab o‘tib, oshxonaga kirishga uringanlar o‘rtasidagi og‘zaki janjal sabab yuz bergan”, — deydi agentlik.

Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi (Bezorilik) 2-qismi bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atilib, fuqarolarning 6 nafari jinoiy, 3 nafari mamlakatdan majburiy chiqarib yuborish shaklida ma’muriy, boshqalari ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani sababli jarima shaklida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.