22-noyabr kuni Pekinda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining birinchi strategik muloqotini o‘tkazdi.

“Tadbir kun tartibi siyosatdan iqtisodiyotgacha qator sohalardagi hamkorlik masalalarini qamradi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, iqtisodiy diplomatiyani sezilarli natijalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratdik. Barcha yo‘nalishlarda aloqalarimizni yanada chuqurlashtirish uchun zarur sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyormiz”, — dedi Baxtiyor Saidov.

Van I Xitoy va O‘zbekiston “mushtarak taqdirga ega do‘st qo‘shnilar” ekanini ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Sinxua”. U XXR O‘zbekiston bilan birgalikda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi yangi strategik muloqot platformasidan to‘liq foydalanishga tayyorligini ta’kidladi.

Ikkala tomon ham BMT, SHHT va boshqa tuzilmalar doirasida muvofiqlikni kuchaytirishga, shuningdek, Xitoy-Markaziy Osiyo mexanizmini qurishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, vazirlar Falastin-Isroil mojarosini muhokama qildi, deya qayd etadi “Sinxua”.