O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va Rossiya transport sohasida nazorat qilish federal xizmati o‘rtasida avtomobil transporti, yo‘l xo‘jaligi va temiryo‘l transporti sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida memorandum imzolandi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatni Transport nazorati inspeksiyasi rahbari Jamshid Karimov va Rostransnadzor rahbari Viktor Basargin imzoladi, marosim Moskvadagi Transport haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imzolangan memorandum doirasida ikki tomon huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba almashish, yo‘l harakati xavfsizligi va temiryo‘l transportidan foydalanish qoidalari buzilishi to‘g‘risida ma’lumot almashish hamda raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish niyatida.

Ma’lumot uchun, Rossiyada transport haftaligi 2007-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Undani asosiy voqelik “Rossiya transporti” xalqaro forumi va ko‘rgazmasi bo‘lib, tadbirlarning maqsadi haftalik veb-saytida ta’kidlanganidek, mamlakat iqtisodiyoti va uning hududlarini bog‘lashni ta’minlaydigan yechimlarni topishdan iborat.