Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi yetti yilda xalqaro moliya institutlarining 16 milliard dollarlik kreditlari o‘zlashtirilgan, 103 ta loyiha ishga tushirilgan.

Buning natijasida 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga ta’sir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurilgan va ta’mirlangan. 38 ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan.

“Lekin, hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy yilda 238 mln dollar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Bu mo‘ljaldan ancha kam”, — deyiladi xabarda.

Umuman, so‘nggi yillarda sohaga 2,4 mlrd dollar jalb qilinib, shundan 1,3 mlrd dollari o‘zlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.

sog‘liqni saqlash vazirligi, xalqaro moliya institutlari, шавкат мирзиёев, qishloq xo‘jaligi vazirligi, “o‘zсувtaъминот”

Sog‘liqni saqlash vazirligida 877 million dollarlik 11 ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtimizning Yashnobod tumanida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari bo‘yicha investitsiya o‘zlashtirish boshlanmagan.

“O‘zsuvta’minot” tarmog‘ida qiymati 2,1 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8 ta loyihaning o‘z vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bu ko‘p hollarda loyiha guruhlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Prezident loyihalar bajarilishida vazirlarning mas’uliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablag‘larni samarali ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.