Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga saralash turnirining ikkinchi bosqichi ikkinchi o‘yinini Eronga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv 21-noyabr kuni soat 18:00da Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bo‘lajak o‘yin haqida gapirdi.

“Alohida ahamiyatli narsa yo‘q. Barcha futbolchilar uchrashuvga tayyor. Eronga qarshi muhim o‘yin bo‘ladi, guruhdagi barcha o‘yinlar ham doim muhim. Men Eron jamoasini juda hurmat qilaman, ular Osiyoning eng yaxshi termalaridan biri. Hatto jahon va Yevropaning boshqa kuchli jamoalari ham Eronga qarshi o‘yinda qiyinchilikka uchraydi. Lekin har qanday holatda ham bu men uchun, futbolchilar uchun sinov. Men futbolchilarni ruhlantirishim shart emas, ular g‘alaba qozonish uchun hamma narsani qiladi… Har qanday o‘yin 0:0 bilan boshlanadi. [G‘alabaga] ishonchimiz komil”, — dedi Srechko Katanets.

сречко каtaнец, фuтбол, эрон, жч-2026 saralash

Bosh murabbiy O‘zbekiston avvalgi o‘yinlarda ko‘p gol urayotganini, Eronga qarshi o‘yin esa milliy terma jamoaning bugungi saviyasini sinovdan o‘tkazishini ta’kidladi.

“[Jahon chempionati] saralashi butunlay boshqacha. Bu yerda o‘rtoqlik o‘yinlaridan farqli o‘laroq, futbolchilarga katta bosim tushadi. Eronlik futbolchilar ko‘p yillardan buyon birga o‘ynab kelmoqda. Ular qachon kamida bitta futbolchisiz o‘ynaganini bilmayman. Ular — juda yaxshi jamoa. Asosan ular bir xil tizimda o‘ynashadi. Ular sizni [xato uchun] jazolashlari mumkin. Ertagalik o‘yinda ustunlik ko‘rsatib, xavfli bo‘lishimiz kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “agar mag‘lub bo‘lsak, hech narsa bo‘lmaydi”, chunki bu “odatiy o‘yinlardan biri”. “Shuningdek, agar g‘alaba qozonsak, yaxshi bo‘ladi. Ammo 1−2 kundan keyin hayot odatdagidek davom etadi. Bu muhim”, — deydi 60 yoshli mutaxassis.

O‘zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi so‘nggi 12 ta to‘qnashuvda atigi bitta g‘alabaga erishgan, bir marta durang o‘ynagan va 10 marta mag‘lubiyatga uchragan. O‘zbekiston terma jamoasi raqib darvozasiga 3 ta to‘p kiritib, 16 ta gol o‘tkazib yuborgan.