Qonunchilik palatasidagi navbatdagi majlisda deputatlar “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Avvalgi majlisda “Adolat” partiyasidan saylangan deputat Oltinoy Ma’mirova ushbu turdagi ichimliklar uchun alohida aksiz solig‘ini joriy etish va stavkani litri uchun 5 ming so‘m qilib belgilashni taklif qilgandi. Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, ushbu bandni 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini keyingi o‘qishlarda ko‘rib chiqish chog‘ida kiritishni so‘ragandi.

Bugungi majlisda deputatlar tomonidan joriy etilishi nazarda tutilayotgan aksiz solig‘ini mahsulot narxiga va tadbirkorlik subyektlari faoliyatining moliyaviy natijalariga ta’sirini inobatga olgan holda energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilash taklif etildi.

Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, me’yoridan ortiqcha iste’mol qilinishi oqibatida turli xastaliklar, jumladan, qandli diabet kasalligiga chalinish holatlari ko‘paygani sababli tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga 1-apreldan 1 litr uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini joriy etish rejalashtirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil oxirida O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlovchi va ularning reklamasiga cheklovlar joriy qiluvchi qonun qabul qilingan edi.