Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida Isuzu va Damas ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi viloyat IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2023-yilning 21-noyabr kuni soat 08:20 larda Uchko‘prik tumani, Mehnatobod MFY hududida 2000-yilda tug‘ilgan haydovchi Sh. E Isuzu rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, oraliq masofani saqlamasdan svetoforning qizil ishorasida to‘xtab turgan, haydovchi 1994-yilda tug‘ilgan B.M. boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Oqibatda Damas yo‘lovchilari 1987-yilda tug‘ilgan M.D va 1988-yilda tug‘ilgan G.Q. (ayol)lar tan jarohati olib, voqea joyida vafot etan.

Hodisa oqibatida yana 4 nafar shaxslar tan jarohati olib, davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh. E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport boshqarish xavfsizlik qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.