O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Abat Fayzullayev Italiya prezidenti Serjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Tantanali marosim Italiya prezidentining Rim shahridagi rasmiy qarorgohi — “Kvirinale” saroyida bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Serjo Mattarella 2023-yilning 9−11-noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifini yodga oldi va tashrif unda unutilmas taassurotlar qoldirganini qayd etdi.

“Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida strategik muloqotni ilgari surishning yuksak ahamiyati tasdiqlandi, O‘zbekiston va Italiyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollaridan samarali foydalanishdan ikki tomon ham manfaatdorligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Abat Fayzullayev 2023-yilning oktabr oyida O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi etib tayinlandi. U 2020−2023-yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, Vengriyadagi o‘rindoshlik asosida elchisi bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Abat Fayzullayev 2018-yil avgust oyidan buyon Italiyaga elchi bo‘lib kelgan Otabek Akbarovning o‘rnini egalladi.