Toshkent shahrida tez tibbiy yordam chaqiruviga ko‘ra kelgan xodim bemor ayolga uyatsiz harakatlar qilgani aytilmoqda. Bu haqda jurnalist va bloger Shahnoza Soatova xabar berdi.

Jurnalist unga murojaat qilgan ayol o‘zining tanishi ekani, universitetda dars berishi, kichik yoshdagi o‘g‘li bilan birga yolg‘iz yashashini bildirdi.

“Shu payshanba — 16-noyabrdan 17 ga o‘tar kechasi tobi qochgan, tez yordam chaqirgan. Yolg‘iz o‘zi yosh bolasi bilan yashagani va kechqurun bo‘lgani uchun iloji bo‘lsa, ayol shifokor so‘ragan. Lekin ikki soatda ham ayol shifokor topilmagani uchun tungi soat 00:15 da erkak shifokor bir o‘zi kirib kelgan. Uchta shpritsda ukol qilgan. Oxirgisini qilayotgan paytdayoq ayol o‘zini g‘alati his qila boshlagan”, — deb yozadi Soatova.

Murojaatchiga ko‘ra, o‘sha vaqtning uning boshi aylanib, es-hushi joyida bo‘lsa ham, oyoq-qo‘llari bo‘shasha boshlagan.

“Tez yordam shifokori ayolning ojizligidan foydalanib, unga nojo‘ya qiliqlar qilgan, qo‘li bilan jinsiy zo‘rlagan. Yana ko‘proq ishlar qilmoqchi bo‘lganu, ayol holi boricha qarshilik qilavergach, nihoyat ketgan. Ayol ertasi kechgacha xayoli o‘zida bo‘lmagan, kechga borib, nima bo‘lganini anglab, bong ura boshlagan. Lekin 102 ga qo‘ng‘iroq qilingach, yetib kelgan uchastka noziri yetarli tezkorlik ko‘rsatmagan, ayolga „baribir isbotlashingiz qiyin“, deb murojaatidan voz kechishga undagan. Ayol qat’iyat ko‘rsatgach, sudmedekspertizaga yo‘llanma bergan. Bu juma kechqurungi gap”, deb so‘zida davom etadi jurnalist.

Uning qayd etishicha, ayol sud tibbiy ekspertizaga borgan, ish kuni tugab qolgani uchun ishi bitmagan.

“Ertasi shanba ham shu ahvol. Sudmedekspertiza, narkologiyaga borib vaqti zoye ketgan (qiziq, ular haftada 5 kun soat 4 gacha ishlasa, boshqa vaqtlarda qilingan jinoyat izlari dushanbagacha kutiib o‘tiradimi?) Uchastkovoy esa hamon „baribir isbotlay olmaysiz“ pozitsiyasida, shekilli, yetarli harakat qilmay, aksincha, arizani qaytarib olish haqida gap ochyapti nuqul. Tez yordam qoldirib ketgan shpritslardagi modda qoldiqlarini ham hech kim e’tiborga olmayapti. Portalga qilingan qo‘ng‘iroqlar, murojaatlar oxirigacha eshitilmay qo‘yib qo‘yilyapti. Ayol ishonmayapti adolatga, lekin uni topmoqchi, shundan juda jonsarak”, — deb yozadi Shahnoza Soatova.

Jamoatchilik faoli Ichki ishlar vazirligi mas’ullari va sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga murojaat qilib, ulardan bu masalaga e’tibor qaratishni so‘radi.

“Odamlar jonidan o‘tganidan shifokor chaqirishadi, bilasiz. Tizimdagi o‘n, yuz minglab odamlarning miyasiga kirib chiqish va axloqiga javob berish qiyin bo‘lsa ham, bunga majbursiz [SSV rahbariga qarata — tahr.]. Hech bo‘lmasa, shunday risklarning oldini olish uchun bemorning uyiga shifokorlaringiz yolg‘iz kirmasligini ta’minlash mumkin-ku. Shifokor chaqirsang yordam so‘rab, u zo‘rlasa. Ichki ishlarga aytsang, u „baribir befoyda“ deb o‘tirsa”, — deydi u.

Rasmiy munosabat

“Gazeta.uz” holat yuzasidan rasmiy munosabat so‘rab, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika tez tibbiy yordam markazi mas’ullari bilan bog‘landi.

SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayevga ko‘ra, vaziyat nazoratga olingan. “Bu ochiq qoladigan masala emas”, — dedi u.

Respublika tez tibbiy yordam markazi matbuot kotibi Iroda Mirzabekova ish bilan “shaxsan shug‘ullanayotganini” bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chaqiriqqa borgan tez tibbiy yordam feldsheri O.M.ning ish faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Murojaatda bemorga 3 ta ukol qilingani aytilgan holat bo‘yicha esa ishchi guruh ekpertiza o‘tkazadi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda shu kunlarda tez yordamga chaqiruvlar soni 2 barobarga oshganini ma’lum qildi. Jumladan, odatiy kunlarda kunlik chaqiruvlar soni 2800−3100 tani tashkil etsa, 17-noyabrda 6100 taga yetgan. 18-noyabrda esa 5975 ta bo‘lgan.

Uning ta’kidlashicha, odatiy tartibda poytaxt bo‘ylab 206 ta brigada ishlaydi. Ammo mavjud vaziyatni hisobga olib, hozirda 50 dan ortiq qo‘shimcha brigadalar qo‘shilmoqda.