Toshkent shahri Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tarmoqlarda tarqalgan, maktab direktori o‘quvchini urgani aks etgan video bo‘yicha munosabat bildirdi.

Videoda 4 kishi aks etgan: mushtlashgan ikki o‘quvchi, direktor va ichki ishlar xodimi. Lavhada maktab rahbari bir bolaning yuziga bir necha marta tarsaki tushirgani, uning orqasiga tepib, haqoratli so‘z ishlatganini ko‘rish mumkin. Direktor o‘quvchiga yuzlanib, kaltaklangan bolaning “yuzini to‘g‘rilatib kelishni” buyurgan. Organ xodimi esa xonada o‘tirgancha suhbatga qo‘shilgan.

Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, voqea 19-sentabr kuni poytaxtdagi 217-maktabda ro‘y bergan. 8-“B” sinf o‘quvchilari A.M. hamda Sh. I. sinfxonada mushtlashgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, jarohat yetkazgan.

“Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘quvchilarni direktor xonasiga chaqirishgan. Maktab direktori Ya.Sh. ma’anaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari G. X., Chilonzor tumani IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M.I. guvohligida o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. A.M.ga tanbeh berish chog‘ida maktab direktori jahl ustida uni so‘kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan”, — deyiladi bayonotda.

Boshqarma holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig‘ilish o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

Holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilayotgan ta’kidlandi.

MMTB o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to‘g‘ri kelmasligi, buning uchun qonunchilikda jazo choralari belgilab qo‘yilganini eslatib o‘tdi. “Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro‘siga putur yetkazadi, xolos”, — deb tugallangan munosabat.