Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni xalqaro moliya institutlari (XMI) va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Xususan, 2028-yil 1-yanvarga qadar budjet tashkilotlari, davlat korxonalari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmasi, shuningdek ularning importi qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Bunda tovarlar ijtimoiy soha hamda infratuzilmani rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan, davlat tashqi qarzi hisobidan to‘liq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olingan bo‘lishi lozim. Bundan tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan mablag‘lar mustasno.

Bir oy muddatda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni olib kirish, shuningdek, XMI va DTXK kreditlari hisobiga sotib olingan tovarlarni (xizmatlarni) sotish bo‘yicha aylanmalar soliq solishdan ozod qilingan.

Iqtisodiyot va moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2022-yil boshida “biznes qarorlari va raqobatga ta’sir etuvchi” imtiyozlarni bekor qilish choralari ishlab chiqilayotganini aytgandi.

“Agar bu xalqaro moliya institutlari hisobidan amalga oshirilsa, import qiluvchiga tovarlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlarisiz olib kirish huquqini beradigan imtiyoz mavjud. Bu imtiyoz [Soliq] kodeksida ham nazarda tutilgan… Ammo yana bir holat borki, bu mablag‘lar bevosita xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, masalan, ayrim quvvatlarni qayta tashkil etish uchun emas, balki tijorat banklari orqali tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratiladi”, — deya qayd etgan u.

“Agar siz o‘z hisobingizdan to‘lasangiz va men imtiyozli kredit olgan bo‘lsam, siz barcha bojxona to‘lovlarini to‘laysiz, men esa hech narsa to‘lamayman. Va biznes qarorlarini qabul qilish juda oddiy bo‘ladi: men foyda olish uchun kredit olishga harakat qilaman. Bunday bo‘lmasligi kerak”, — degan vazir o‘rinbosari.

Shunday qilib, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining banklar orqali beradigan kreditlari hisobiga sotib olingan tovarlar importi va aylanmasi uchun soliq imtiyozlari bekor qilinadi.