15-noyabr kuni San-Fransisko yaqinidagi Filoli qarorgohida AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy yetakchisi Si Szinpin to‘rt soatlik muzokara o‘tkazdi, deb xabar berdi CNN. Uchrashuv APEC (Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorligi) sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.

Bu Xitoy rahbarining AQShga olti yil ichidagi birinchi tashrifi va Jo Bayden hamda Si Szinpin bir yildan ortiq vaqt ichida o‘tkazgan birinchi ikki tomonlama uchrashuv hisoblanadi.

Matbuot anjumanida Bayden Si bilan uchrashuvni “biz o‘tkazgan eng konstruktiv va samarali muhokamalardan biri” deb atadi. Amerika prezidentining ta’kidlashicha, ular o‘zaro tushunmovchilik davrlarida ham telefon trubkasini ko‘tarishga kelishib olgan. “Bu muhim progress”, — dedi AQSh rahbari.

“Xitoy-AQSh munosabatlari so‘nggi 50 yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida hech qachon bir tekis bo‘lmagan”, — dedi Si va tomonlarning bir-biridan yuz o‘girishi variant emasligini qayd etdi.

“Xitoy va AQSh tarixi, madaniyati, ijtimoiy tizimi va rivojlanish yo‘li bo‘yicha bir-biridan farq qiladi, biroq ular bir-birini hurmat qiladi va tinch-totuv yashaydi… ular o‘zaro kelishmovchiliklardan bir pog‘ona teparoqda turishga qodir”, — deya qo‘shimcha qildi Xitoy yetakchisi. “Yer sayyorasi ikkala davlat ham muvaffaqiyatga erishishi uchun yetarlicha katta”.

The New York Times gazetasining yozishicha, Bayden va Si o‘rtasidagi muzokaralar “muloqotni davom ettirishga va’da berishdan” boshqa hech qanday natijaga olib kelmagan. Nashrning ta’kidlashicha, tomonlar “ikki davlatni mojaro yoqasiga olib kelgan” masalalar bo‘yicha kichik progressga erishgan.

Baydenning o‘zi muzokaralardan maqsadga quyidagicha izoh berdi: “Biz, Xitoy va AQSh, raqobatbardosh munosabatlardamiz. Mening vazifam esa mojaroga yoqasiga kelib qolmasligi uchun ularni ratsional va boshqariladigan qilishdir. Umuman olganda, hammasi shu”.

Si bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda Bayden Xitoy rahbarini hamon diktator deb hisoblashda davom etishini aytdi. “Eshiting, u shunday. U diktator, qaysi ma’nodaki, hukumati biznikidan mutlaqo farq qiladigan kommunistik mamlakatni boshqarayotgan yigit sifatida”, — dedi Bayden o‘z fikrini o‘zgartirgani yoki yo‘qligi bo‘yicha savolga javob berib.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Baydenning bayonotini “o‘ta noto‘g‘ri” va “mas’uliyatsiz siyosiy manipulyatsiya” deb atadi.

Uchrashuvning asosiy natijalari

  1. AQSh va Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aloqalarni tiklaydi. Pekin va Vashington 2022-yil avgustida AQSh Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi Tayvanga borganda yuqori darajadagi harbiy aloqalarni uzgandi. CNN`ning yozishicha, harbiy aloqa kanallarini qayta tiklash “noto‘g‘ri tushunish yoki noto‘g‘ri hisob-kitoblarning oldini olish” uchun zarur, bu esa, AQSh rasmiylari havotirlanayotgan ochiq mojaroga olib kelishi mumkin.
  2. AQSh va Xitoy giyohvand moddalarni, jumladan, fentanil kabi sintetik giyohvand moddalarni global noqonuniy ishlab chiqarish va savdosiga qarshi kurashni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu maqsadda tomonlar huquq-tartibot idoralari harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzadi, deb xabar bermoqda Oq uy matbuot xizmati. The Guardian gazetasining yuqori martabali amerikalik amaldorga tayanib yozishicha, Xitoy fentanil ishlab chiqarish bilan bog‘liq mahsulotlar eksporti sharoitini qattiqlashtirishga rozi bo‘lgan. Fentanil AQShda giyohvand moddalar dozasini oshirib yuborishning asosiy sababchisi hisoblanadi.
  3. AQSh va Xitoy sun’iy intellekt tizimlari bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi. Bu maqsadda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
  4. Bayden va Si bir-biriga doimiy yo‘lovchi tashish reyslarini sezilarli darajada oshirish ustida ishlashga va’da berdi. Ikki davlat rahbarlari, shuningdek, ta’lim, talabalar, madaniyat, sport va biznes almashinuvlarini kengaytirish tarafdori ekanini qayd etdi.
  5. Tayvan masalasida Bayden AQShning “yagona Xitoy” siyosati o‘zgarmaganini, ammo AQSh status-kvoning har qanday bir tomonlama o‘zgarishiga qarshi ekanini ta’kidladi. “Biz bo‘g‘ozlararo kelishmovchiliklar tinch yo‘l bilan hal qilinishini kutamiz”, — dedi u.

    Si Szinpin, o‘z navbatida, Tayvan masalasini Xitoy-Amerika munosabatlaridagi “eng muhim va nozik” masala deb atadi. Xitoy rahbarining fikriga ko‘ra, AQSh “Tayvan mustaqilligi”ni qo‘llab-quvvatlamaslik pozitsiyasini aniq harakatlarda ifodalaydi, Tayvanni qurollantirishni to‘xtatadi va Xitoyni tinch yo‘l bilan birlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. “Xitoy oxir-oqibat qayta birlashadi, bu birlashishdan qochishning imkoni yo‘q”, dedi u.
  6. Xitoy yirik pandalarni Amerika hayvonot bog‘lariga qaytaradi va bu hayvonlarni saqlab qolish uchun AQSh bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor, dedi Si Szinpin. U pandalarni “Xitoy va Amerika xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik elchilari” deb atadi. Xitoy yetakchisi pandalar qachon va qaysi hayvonot bog‘lariga qaytishi tafsilotlarini oshkor qilmadi, biroq keyingi juftlik katta ehtimol bilan San-Diyegodagi Kaliforniya hayvonot bog‘iga olib kelinishiga ishora qildi, deb yozdi The Guardian.

Pekin ilk bor 1972-yilda, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish davrida Vashingtondagi Milliy hayvonot bog‘iga bir juft panda sovg‘a qilgandi. Keyinchalik Xitoy AQShning boshqa hayvonot bog‘lariga ham pandalarni ijaraga berib, tushgan mablag‘ni bu turdagi hayvonlarni saqlash dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatgan. So‘nggi bir necha yil ichida Xitoy-AQSh munosabatlari yomonlashuvi fonida Pekin pandalarni ortga qaytara boshladi.