2022−2023 o‘quv yilida AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1089 nafarni tashkil qildi. Bu AQSh Davlat departamenti ko‘magidagi Xalqaro ta’lim instituti (Institute of International Education, IIE) o‘tkazgan “Ochiq eshiklar” hisobotiga ko‘ra, oldingi yilga nisbatan 72,6 foizga ko‘p.

Ularning asosiy qismi yoki 57,2 foizi bakalavriat talabalari sanaladi. 29,9 foizi magistratura bosqichiga, 7,9 foizi ixtiyoriy amaliy mashg‘ulotlarga, 5 foizi esa ingliz tili yoki qisqa muddatli ta’lim kabi ilmiy darajaga taalluqli bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan.

Hisobotga ko‘ra, 2022−2023 o‘quv yilida AQSh universitetlarida jami 1 milliondan ortiq xalqaro talaba tahsil olgan, bu o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 12 foizga ko‘p.

Chet ellik talabalarning yarmidan ko‘pi yoki 53 foizi Xitoy (289,5 ming) va Hindistondan (268,9 ming) kelgan. Beshlikka, shuningdek, Janubiy Koreya (43,8 ming), Kanada (27,8 ming) va Vetnam (21,9 ming) kiradi.

Eng ko‘p xorijiy fuqarolar Kaliforniya (138,3 ming), Nyu-York (126,7 ming), Texas (80,7 ming), Massachusets (79,7 ming) va Illinoys (55,3 ming) shtatlarida tahsil olgan.

Talabalarning aksariyati STEM yo‘nalishlarida (Science, Technology, Engineering, Mathematics) tahsil olgan — bu 55 foizni tashkil etadi, deyiladi hisobotda. Chet elliklar uchun matematika va kompyuter ilmlari yetakchi ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qoldi — ularni 240,2 ming (22,7%) talaba tanladi. 202,8 mingdan ortiq (19,2 foiz) talaba muhandislik, yana 157,2 ming nafari (14,9 foiz) biznes va menejment yo‘nalishida tahsil oldi.