BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sobiq rahbari Munir Mamedzade “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida nima uchun YUNISEF kovidga qarshi vaksinalarni global miqyosda yetkazib berishga mas’ul etib belgilangani, yagona sog‘liqni saqlash axborot tizimini yaratish nima uchun zarur ekanini tushuntirib berdi va ijtimoiy sohaning yangi tahdidlarga tayyorligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— O‘zbekistondagi faoliyatingiz pandemiya avjiga chiqqan, kovidga qarshi vaksina yetkazib berish endigina yo‘lga qo‘yilgan paytda boshlangandi. Aytingchi, nima uchun aynan BMT Bolalar jamg‘armasi COVAX mexanizmi orqali vaksinalarni yetkazib berishga mas’ul etib belgilandi?

— O‘sha paytda pandemiya qanchalik tez tarqalayotganini inobatga olgan holda, [vaksinani yetkazib berish bo‘yicha] butun boshli tizimni qanchalik samarali ishga tushirish mumkinligini aniqlash uchun barcha global tarmoqlarni o‘rganib chiqdik. Va bu borada YUNISEF butun dunyo bo‘ylab vaksinalar yetkazib berish bo‘yicha katta tajribaga ega ekanligi ayon bo‘ldi. Bizda Kopengagenda vaksinalarni xarid qilish va saqlash bo‘yicha eng yirik global markaz mavjud. Bu dunyodagi eng yirik xalqaro gumanitar ombordir. Shuni hisobga olib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti global alyans va pandemiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan barcha boshqa hamkorlar bilan birgalikda bizdagi mavjud imkoniyatlar va boy tajribamizdan foydalanishga qaror qildi.

O‘zbekistonga kelsak, shuni ta’kidlashni istardimki, barcha davlatlarda ham infratuzilmalar bunga tayyor bo‘lmagan. Ammo avvalgi sarmoyalar va YUNISEFning O‘zbekistondagi faoliyati tufayli, men kelishimdan oldin ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro hamkorlikning o‘rnatilgan tizimi natijasida butun zanjirni, vaksinalarni saqlash uchun sovuq zanjirni qurishga muvaffaq bo‘ldik. Mamlakat bo‘ylab 20 dan ortiq vaksina saqlash omborlarini yaratdik va bu ishni darhol boshlash uchun barcha zarur jihozlarni xarid qildik.

O‘zbekiston barcha turdagi vaksinalarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri edi. Xalqda ham harorat rejimi bilan bog‘liq infratuzilmalar hamda biz pandemiyagacha va pandemiya vaqtida sotib olib, davlatga yetkazgan zarur uskunalar nuqtai nazaridan tanlash imkoniyati mavjud edi.

O‘zbekiston COVAX dasturiga kiritildi va bu bizga 74 mln dozaga yaqin vaksinani O‘zbekistonga bepul taqdim etish, ushbu vaziyatdan imkon qadar samarali chiqishimiz uchun shunday sharoit yaratish imkonini berdi.

— O‘tgan yili YUNISEF ko‘magida O‘zbekistonda ishga tushirilgan emlash bo‘yicha elektron axborot tizimi emlash kampaniyalari samaradorligini oshirish, bo‘yin tovlash holatlarini kuzatish va tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni aniqlash imkonini berishini ta’kidlagan edingiz. Siz aytganday samarali axborot tizimini yaratishga muvaffaq bo‘lindimi? Hozirda O‘zbekistonda antivakser ota-onalar ko‘pmi?

— Jahon miqyosida ham e’tirof etilgan O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli natijalardan biri shundaki, O‘zbekistonda pandemiya yosh bolalarni muntazam emlash jarayoniga ta’sir ko‘rsatmadi. Ko‘pgina mamlakatlarda aynan pandemiya davrida milliy taqvimlar doirasida muntazam emlash bilan qamrab olish darajasi keskin pasaydi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 96−97 foizga yaqin qamrov bo‘lgan. Ba’zi hollarda kasallikning ayrim turlari uchun 99 foizgacha qamrovga erishildi. Bu juda yaxshi qamrov, biz buni boshqa mamlakatlar uchun ijobiy tajriba sifatida ta’kidlaymiz. Chunki tizim yo‘lga qo‘yilgan, u ishlamoqda.

Bizning qo‘llab-quvvatlovimiz va 1,5 mln dollardan ziyod qiymatdagi uskunalar yetkizib berilishi orqali yaratilgan, bunda GAVI, USAID va rivojlanish bo‘yicha boshqa hamkorlarimiz ishtirok etdi, vaksinalar logistikasi bo‘yicha ushbu axborot tizimi vaksinalarning mamlakatga qanday kelib tushishi va ular qayerda saqlanishini kuzatishga yordam bermoqda. Chunki barcha omborlar uchun harorat rejimi va aniq talablar mavjud: ular qanday tashiladi, qanday foydalaniladi va hokazo.

vaksina, ковид, мuнир мамедзаде, sog‘liqni saqlash, юнисеф

Vaksina bo‘yicha ma’lumot tizimi kengroq platforma, ya’ni [yagona] sog‘liqni saqlash axborot tizimining bir qismi bo‘lishi juda muhim. Bu borada esa, davlat aholi salomatligi, jumladan, emlash bilan bog‘liq barcha masalalarni qamrab oluvchi yagona tizimni yaratish uchun kerak bo‘lgan ishlar mavjud. Bu biz va davlat oldida turgan navbatdagi chaqiriq hisoblanadi.

Antivakserlarga kelsak, ular o‘qimishli odamlar orasida ham, vaksinalarning ahamiyati va uning tarkibi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagan aholi orasida ham borligini bilasiz. Ko‘pincha kelib chiqish mamlakatlari va boshqalar haqida savollar bo‘ladi. Shu bois, biz bu ishlarni turli darajalarda tizimli ravishda olib bormoqdamiz va buni faqat qandaydir milliy qarorlar darajasida hal qilib bo‘lmasligini tushunamiz. Bu yerda vaksinalar haqida aniq va oshkora ma’lumot berib, aholining xabardorligi darajasida ish olib borish juda muhim. Joylarda muntazam kampaniyalar o‘tkazish va, albatta, jamiyatning o‘zi bilan, mutaxassislar bilan ishlash lozim.

Bu borada biz katta dasturni amalga oshirdik va u davom etmoqda. Biz patronaj hamshiralarni jalb qilish orqali jamoalarda ishlaymiz. Shuningdek, emlashning ahamiyati haqida to‘g‘ri xabarlar berish uchun diniy va jamoat rahbarlarini jalb qilamiz. Va bu ishlar hech bo‘lmaganda bugungi darajani saqlab qolish uchun doimiy ravishda davom ettirilishi kerak.

— O‘zbekiston pandemiya davrida to‘plagan tajribaga ko‘ra, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi boshqa turdagi tahdidlarga qarshi turishga tayyormi?

— Agar biz pandemiya haqida gapiradigan bo‘lsak va unga emlash orqali javob bersak, men tayyor deb o‘ylayman. Chunki bu tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va barqaror. Emlash dasturida aniq pozitsiya va davlatning ushbu dasturni barqaror amalga oshirish majburiyati bor. Va bu borada davlat qiyinchiliklarga tayyor.

Ammo, umuman olganda, har xil turdagi zarbalar haqida gapiradigan bo‘lsak, menimcha, bu e’tibor talab qiladigan sohalardan biri. Chunki, baribir, ko‘pincha bitta tahdid o‘tib ketganda, inson tabiati tufayli bo‘shashib, hammasi tugadi, o‘z tartibimizga qaytamiz, qutildik va kelajakda bunday qiyinchiliklar bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz. Afsuski, har doim qiyinchiliklar bo‘ladi — bu bugungi dunyoning haqiqati. Favqulodda vaziyatlar va ba’zi tabiiy ofatlar mavjud hamda iqlim o‘zgarishi bilan bu ko‘proq va tez-tez sodir bo‘ladi.

Umuman olganda, ijtimoiy soha bunday muammolarga hali to‘liq tayyor emas. Pandemiya yoki epidemiya yuzaga kelgan taqdirda, menimcha, tizim mavjud. Lekin, umuman olganda, biz bu haqda o‘ylashimiz va davlat ham aholini, ham mahalliy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni bunday holatlarga tez va samarali javob berishga tayyorlash bo‘yicha ancha jiddiy yo‘l tutishi kerak. Bu ijtimoiy himoya tizimi, sog‘liqni saqlash va ta’limga taalluqlidir.

Chunki bizning mamlakatlarda tez-tez bu Favqulodda vaziyatlar vazirligining (FVV) bloki, hammasini ular hal qiladi, deb o‘ylaymiz. Ammo, afsuski, bunday emas, chunki ko‘pincha barcha tegishli tuzilmalar, ayniqsa aholi, bolalar va eng zaif guruhlar bilan bevosita ishlaydigan tuzilmalar jalb qilinishi kerak. Aynan o‘sha ijtimoiy blok, shu kabi vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun bu borada alohida e’tibor talab qiladi.

Davlat Umarov suhbatlashdi.

To‘liq videointervyu