16-noyabr kuni Yevroparlament va Yevropa Ittifoqining ekologik kengashi ekologik jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha yangi direktiva bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar berdi Yevropa komissiyasi.

Hujjatda atrof-muhitga qarshi jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirish va ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish, shuningdek, ekologik jinoyatlarga aniqroq ta’rif berish nazarda tutilgan.

“Yangi qonunchilik bazasi jiddiy ekologik huquqbuzarliklar jazosiz qolmasligini ta’minlaydi. Bu atrof-muhitning ifloslanishi va degradatsiyasining oldini oladi hamda kelajak avlodlar uchun tabiatimizni asrab-avaylashga xizmat qiladi”, — deyiladi YeK bayonotida.

Umuman olganda, ekologik jinoyatlar ro‘yxati 9 tadan 18 ta bandga kengaytirildi. Noqonuniy daraxt kesish yo‘li bilan olingan yog‘ochning noqonuniy muomalasi, kema qismlarini noqonuniy utilizatsiya qilish, kimyoviy moddalardan foydalanish va utilizatsiya qilish qoidalarini buzish shular jumlasidandir.

O‘limga olib keladigan qasddan ekologik jinoyatlar uchun Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida shaxslar kamida 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Boshqa qasddan ekologik jinoyatlar uchun jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilanadi.

Atrof-muhitga qarshi jiddiy jinoyatlar sodir etgan kompaniyalar global tovar aylanmasining kamida 5 foizi miqdorida jarimaga tortiladi yoki 40 million yevro to‘laydi. Kamroq jiddiy ekologik qoidabuzarliklar uchun jarima kompaniya umumiy aylanmasining 3 foizini yoki 24 million yevroni tashkil qiladi.

“Ekologik jinoyatlar atrof-muhitga, salomatligimizga, shuningdek, iqtisodiyotimizga katta zarar yetkazadi. Jinoyatchilar juda uzoq vaqt davomida kuchsiz sanksiyalar va jazo muqarrar emasligidan foyda ko‘rdi”, — dedi Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Virjiniyus Sinkevichius erishilgan kelishuvlarni sharhlar ekan.

Endi Yevroparlament va YeI Kengashi direktivani rasman qabul qilishi kerak. Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hujjatda ko‘rsatilgan normalarni o‘zlarining milliy qonunchiligiga kiritishlari kerak.