Xiaomi o‘zining birinchi elektromobili Beijing Xiaomi SU7 modelini namoyish qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Elektromobil Beijing Automotive Industry Holding (BAIC) zavodida ishlab chiqariladi. Sedan suratlari Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

Sedan yana bir necha versiyalarda chiqariladi, ular quvvati, elektr motorlari soni va akkumulyatori bilan farqlanadi. Avtomobil og‘irligi 2205 kg, maksimal tezligi esa 265 km/soat. Yangi Xiaomi mahsuloti uchun akkumulyator bloki BYD (asosiy versiyalar uchun) va CATL (yuqori versiyalar uchun) tomonidan yetkazib beriladi.

“Xiaomi brendi ostidagi elektromobil kompaniyaning o‘z mijozlari uchun keng qamrovli ekotizim yaratish rejasining muhim qismidir. Kompaniya smartfonlar va boshqa maishiy texnikalar uchun operatsion tizimni allaqachon yangiladi, u kelajakda elektromobillarni ham o‘z ichiga oladi. Shunda foydalanuvchilar Xiaomi mahsulotlarining barcha turlarini yagona platformada boshqarishlari mumkin bo‘ladi”, — deya qayd etdi Bloomberg.

Mashina narxlari, shuningdek, chiqarilish sanasi hozircha ochiqlanmagan, deya aniqlik kiritadi nashr. Xiaomi avvalroq elektromobili 2024-yilning birinchi yarmida rasman chiqarilishini bildirgan.