Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yolg‘izlikni inson salomatligi uchun jiddiy global tahdid deb e’lon qildi, deb yozmoqda The Guardian.

15-noyabr kuni JSST ijtimoiy aloqalarning insonlar salomatligiga ta’sirini o‘rganish uchun xalqaro komissiya tuzdi. Unga 11 nafar siyosatchi va faollar kirgan. Komissiya uch yil davomida faoliyat olib boradi.

“[Yolg‘izlik] chegaradan oshmoqda va sog‘liq, farovonlik va taraqqiyotning barcha jabhalariga ta’sir etuvchi jamoat salomatligiga global tahdidga aylanib bormoqda, — deya komissiya hamraislaridan biri Chido Mpemba so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta. — Ijtimoiy izolyatsiya yosh yoki chegarani bilmaydi”.

Komissiya hamraisi, AQShning bosh sanitar vrachi Vivek Murti yolg‘izlikning salomatlik uchun xatari kuniga 15 ta sigaret chekish xavfidan kam emasligi hamda semirish va jismoniy faollik yetishmasligidan ko‘proq ekanini bildirdi.

Murtining ta’kidlashicha, yolg‘izlik ko‘pincha rivojlangan mamlakatlarda muammo sifatida ko‘riladi, ammo dunyoning barcha mintaqalarida har to‘rt nafar keksa ijtimoiy jihatdan izolyatsiya qilingan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, keksa odamlar uchun yolg‘izlik demensiya rivojlanish xavfini 50, yurak ishemik kasalligi va insultni 30 foizga oshiradi. Shu bilan birga, tashkilot o‘smirlarning 5% dan 15% gacha yolg‘izlikni boshdan kechirishini ta’kidladi. Mutaxassislarning fikricha, bu yoshlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni tashlab ketishiga olib keladi va mehnat unumdorligini ham pasaytiradi.