15-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha [O‘RQ-878-sonli] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Endilikda sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish:

  • fuqarolarga BHMning 5−10 baravarigacha = 1 mln 665 ming so‘mdan 3 mln 300 ming so‘mgacha (ilgari BHMning 1−3 baravarigacha edi);
  • ️mansabdor shaxslarga 15−20 baravarigacha = 4 mln 950 ming so‘mdan 6 mln 600 ming so‘mgacha (ilgari 5−10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Unga muvofiq qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziya olish yoki sud qaroriga asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:

  • litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam buzilganda;
  • litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa.

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik subyektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunga ko‘ra, quyidagi faoliyat turlari bo‘yicha litsenziyalash va xabardor qilish ishlarini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bajaradi:

  • alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;
  • pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati.

Tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish zarur. Ular bilan chakana savdo qilish uchun joylardagi tuman (shahar) soliq inspeksiyalarini xabardor qilish kerak.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.