Universalbank kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchayev “Gazeta.uz” bilan suhbati davomida foydalanuvchilar kartalaridan pul mablag‘lari noqonuniy yechib olingani haqidagi murojaatlarga izoh berdi.

Unga ko‘ra, ayni paytda bank va huquq-tartibot idoralariga 7 nafar shaxs kartalaridagi pul mablag‘lari o‘g‘irlangani haqida ariza bilan murojaat qilgan.

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 300 mln so‘mga yaqin pul o‘g‘irlangan. Chunki qolgan 200 mln so‘mga yaqin mablag‘ bankning antifrod tizimi (bank yoki internet tranzaksiyalarini firibgarlik ehtimoli darajasi bo‘yicha baholash imkonini beruvchi chora-tadbirlar majmui — tahr.) tomonidan to‘xtatib qolingan. Milliardlab so‘m haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi u.

Bank kuzatuv kengashi raisining aniqlik kiritishicha, pullar p2p o‘tkazmasi, ya’ni bir jismoniy shaxsning Humo kartasidan boshqasining kartasiga pul o‘tkazish yo‘li bilan o‘g‘irlangan.

“Biz hozirda kartalariga pul yuborilgan shaxslarni aniqlayapmiz, bilamizki, barcha kartalarda shaxsning familiyasi, ismi va otaismi yozilgan. Huquq-tartibot idoralari ularning harakatlariga huquqiy baho beradi”, — dedi u.

Anvar Irchayev tizimlarda muammolar borligi va buning oqibatida firibgarlar SMS xabarlarga kirishga va foydalanuvchi identifikatsiyasini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, SMS xabarlar bank tomonidan emas, balki alohida operator tomonidan yuboriladi va foydalanuvchi identifikatsiyasi ONE ID (yagona identifikatsiya tizimi) orqali o‘tadi.

U foydalanuvchilarning mablag‘lari tiklanishiga ishontirdi. “Biz, albatta, pulni tiklaymiz, bunga hech qanday shubha bo‘lishi kerak emas. Barchadan Afrosiyob ko‘chasi 14-uyda joylashgan bankimizga yoki Toshkent shahri IIBB kiberxavfsizlik bo‘limiga murojaat qilishni so‘raymiz… Organlarning qarorini va bu holatga berilgan bahoni olishimiz bilanoq pullarni qaytaramiz”, — dedi bank rahbari.

Anvar Irchayev, shuningdek, anonim foydalanuvchilar yoki mavjud bo‘lmagan ismlar ostidagi shaxslar tomonidan tarmoqdagi vaziyat haqida yolg‘on xabarlar tarqatilayotganiga ham e’tibor qaratdi.

Mazkur holat yuzasidan Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) direktori Shuhratbek Qurbonov ham “Gazeta.uz”ga izoh berdi.

Uning ta’kidlashicha, 14-noyabr kuni bir qator Telegram kanallarda taxminan bir xil — “kartalaringizni tekshiring, xakerlar banklardan birining Humo kartalarini buzib kirishdi” matnli xabarlar paydo bo‘lgan. Ushbu xabar ko‘plab mijozlarda vahima uyg‘otdi va shu sababli to‘lov tizimining aloqa markaziga vaziyat bo‘yicha tushuntirish so‘rab murojaat qilganlar ko‘paygan. Shu munosabat bilan Milliy banklararo protsessing markazi o‘zining rasmiy sahifalarida press-reliz e’lon qilishga va holatga izoh berishga majbur bo‘lgan.

“Shu bilan birga, shanba (11-noyabr) kuni ertalab Facebook tarmog‘idagi Potrebitel.uz guruhida foydalanuvchilardan biri o‘z kartasidan Universalbank`ga tegishli virtual terminal orqali o‘zining ruxsatisiz mablag‘lar yechib olingani haqida xabar qoldirdi. Tekshiruv davomida aynan shu ism-familiyaga ega mijoz Humo ma’lumotlar bazasida yo‘q bo‘lib, aslida karta boshqa shaxsga tegishli ekani aniqlandi. Mijozga huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish tavsiya qilindi va batafsil tekshirish uchun mijozning ma’lumotlari Universalbank`ga yuborildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy banklararo protsessing markazi O‘zbekistondagi boshqa to‘lov tizimlari operatorlari — Uzcard, Visa, Mastercard va boshqalar kabi mijozlarga bevosita xizmatlar ko‘rsatmaydi, shu jumladan, ularni identifikatsiya qilish bo‘yicha jarayonlarni bevosita amalga oshirmaydi. Barcha xizmatlar tijorat banklari va litsenziyaga ega to‘lov tashkilotlari tomonidan mobil ilovalar orqali taqdim etiladi.

“Ishonchimiz komilki, huquq-tartibot idoralari mijozni identifikatsiya qilish bo‘yicha barcha qadamlar bajarilganmi yoki yo‘qmi, shu jumladan, kartaga bog‘langan raqamga bir martalik SMS kodlarni yuborish va kiritish jarayonlari to‘g‘ri amalga oshirilganini o‘rganishadi hamda mijozlarga pul mablag‘larini qaytarishda yordam berishadi. Yana bir bor eslatib o‘tamiz, MBPM to‘lov tizimining operatori sifatida Humo to‘lov tizimiga hech qanday kiberhujum (buzib kirish) bo‘lmaganini ta’kidlaydi va bo‘lishi ham mumkin emasligini kafolatlaydi”, — deya ta’kidladi Shuhratbek Qurbonov.