Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Kompromatuzb ishi bo‘yicha sudlanuvchilar — Xurshid Daliyev, Siyovush Hoshimov va ularning himoyachilari tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning “Gazeta.uz”ga xabar berishicha, Toshkent shahar sudining 14-noyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 26-sentabrdagi hukmining Daliyev va Xashimovga oid qismi o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

“Ushbu ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga muvofiq Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqlidir”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Kompromatuzb Telegram kanaliga aloqador jurnalistlar — Human.uz direktori Xurshid Daliyev va “O‘zbekneftgaz” sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Bandlik vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayevaga esa 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.