Toshkent viloyati hokimiyati “Hayot” itlar boshpanasi uchun Chirchiq shahri chetidan yangi filial qurishga yer ajratdi. Bu haqda boshpana asoschisi Iroda Matkarimova ma’lum qildi.

Avvalroq “Hayot” ma’muriyati mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘llov yo‘qligi, mobbiy mablag‘ yetishmasligi sababli hayvonlarni qabul qilishni to‘xtatayotganini e’lon qilgandi. O‘shanda boshpana egalari qarzga botayotgani, yangi boshpana qurishi kerakligi, ammo umid qiladigan hech kim yo‘qligini bayon qilgandi.

Matkarimovaning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent viloyati va Chirchiq shahri hokimliklari hamda Milliy gvardiya “Hayot” muammolari haqidagi xabarga ertasi kuniyoq javob bergan.

“Uchrashuvda Milliy gvardiya, Chirchiq shahar va viloyat hokimliklari vakillari hozirda Toshkent viloyatidagi ko‘p qavatli turar-joy binolari, ta’lim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni qishga tayyorlash bo‘yicha birgalikda ish olib borayotganliklarini aytishdi… Biroq hokimlik xodimlari Chirchiq mikrorayonlari bo‘ylab sayr qilganlarida, bu hayvonlarni o‘zlari ko‘rishdi. Bizning yordam so‘rab qilgan faryodimiz sarsari itlar bilan bo‘lgan qayg‘uli vaziyatning haqiqiy holatini aks ettirdi”, — deb yozdi u.

Chirchiq yaqinida boshpanaga qariyb 2 gektar yer ajratildi, hozirda hujjatlar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda. Qurilish ishlariga viloyat va Chirchiq hokimliklari hamda Milliy gvardiya tomonidan yordam ko‘rsatilishi kutilmoqda.

“Hayot”ning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Milliy gvardiya xodimlari panjara qurishga, elektr va suv o‘tkazishga yordam beradi, shuningdek, qarovchilar uchun uy tashkillashtirib beradi. Yanvar oyidan boshlab yangi filialda Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida “qo‘lga olingan” hayvonlarni qabul qilish rejalashtirilgan.

“Bu uysiz hayvonlar uchun boshpanalar qurilishining boshlanishi bo‘ladi. Ha, bu faqat boshlanish, lekin asosiysi, birinchi qadamlar qo‘yildi: yer bor, yaqin atrofda daryo bor, suv bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, hujjatlar topshirildi va filial qurilishi tez orada boshlanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Iroda Matkarimova.