15-noyabr kuni BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Samarqandda yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sent-Luis Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Alfred Prosper, UNCCD COP15 raisi Alen-Rishar Donvai, Saudiya Arabistoni Qirolligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari, UNCCD COP16 yangi raisi Usama Ibrohim Faqih, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, IHT bosh kotibi o‘rinbosari Huseyn Avni Bijakli va xorijiy delegatlar vakillari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iborat. Ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajalarda kompleks chora-tadbirlar ko‘rish kerak”, — dedi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida.

Vazir Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari bilan platforma yaratganini ma’lum qildi. “Bugun men ushbu platformani kengaytirish va qo‘shni hududlardagi siyosatchilarning keng doirasini birlashtirishni taklif qilaman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Qum va changdan iborat qora bulutlarning yopirilib kelishi, yo‘lidagi hamma narsani yutib yuborayotgani va kunning tunga aylanishi tabiatdagi eng hayratlanarli manzaralardan biridir. Bu Shimoliy va Markaziy Osiyodan Afrikaning janubi-g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hamma joyda tartibsizlikni keltirib chiqarayotgan xavfli hodisadir, — dedi BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau. — Qum va chang bo‘ronlari barqaror rivojlanishga erishish uchun katta muammo tug‘dirmoqda. Biroq, bu xavfni yanada og‘irlashtirish ham, bartaraf etish ham insonlarning qo‘lida”.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bahriddin Nishonov havo ifloslanishini monitoring qilishning zamonaviy tizimlari muhim ekanligini ta’kidladi.

“Tadqiqotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Xitoy atmosferaga chang chiqarish bo‘yicha dunyo miqyosida (Sahroyi Kabir cho‘lidan keyin) ikkinchi o‘rinda turadi — bu umumiy miqdorning taxminan 20 foiziga teng. O‘zbekistonda shahar va aholi punktlarining atmosfera havosidagi chang va mayda dispers zarrachalarning (RM1, RM2,5, RM10) ko‘rish diapazoni va konsentratsiyasini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi avtomatik meteorologik stansiyalar va havoning ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar o‘rnatilgan. Chang va qum bo‘ronlarini kuzatish va prognoz qilish imkoniyatlarini kuchaytirish ushbu hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi”, — dedi u.

Ta’kidlanishicha, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasiga (UNCCD) ko‘ra, qum va chang bo‘ronlari yetarlicha e’tibor berilmagan muammo bo‘lib, hozirda dunyoning ba’zi joylarida “sezilarli darajada” keng tarqalgan.

Har yili atmosferaga Gizadagi 350 ta piramida og‘irligiga teng bo‘lgan ikki mlrd tonna qum va chang tarqaladi. UNCCD ekspertlarining fikricha, bu hodisaning 25 foizdan ortig‘i inson faoliyati bilan bog‘liq. Zarar Shimoliy va Markaziy Osiyodan Sahroi Kabir, Janubiy Afrikagacha bo‘lgan mamlakatlarda sodir bo‘ladi, ularning inson salomatligiga ta’siri hali ham yetarlicha baholanmagan.

UNCCD, FAO va hamkorlarning qum va chang bo‘ronlari hamda ularning omillari haqidagito‘plamidachangli qum bo‘ronlari ma’lumotlarini to‘plash va baholash, monitoring qilish va erta ogohlantirish, yumshatish va tayyorgarlik, shuningdek, submilliy, milliy, mintaqaviy va global darajadagi antropogen manbalarni xaritalash va yumshatish metodologiyalari borasida kerakli tavsiyalar berib o‘tilgan.

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) 1992-yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Yer sammitida ishlab chiqilgan uchta konvensiyadan biridir. BMT Bosh Assambleyasi konvensiyani 1994-yilda ta’sis etgan. Bu atrof-muhit va rivojlanishni yerdan barqaror foydalanish bilan bog‘laydigan yagona qonuniy kuchga ega xalqaro shartnomadir. UNCCDning 197 tomoni (cho‘llanishdan jabrlangan 169 tomon) yer unumdorligini saqlash va tiklash hamda eng zaif ekotizimlar joylashgan qurg‘oqchil, yarim qurg‘oqchil va quruq subnam hududlarda qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish uchun birgalikda ishlaydi.