Avvalroq O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilingani haqida yozgandik. Bu yangilik Qonunchilik palatasi rasmiy saytida 13-noyabr kuni (“Gazeta.uz”da 15-noyabr kuni) e’lon qilingan xabarda qayd etilgandi.

Gap “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi haqida ketmoqda.

Mazkur xabar tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, 15-noyabr kuni tushdan so‘ng, Qonunchilik palatasi matbuot kotibi, deputat Odiljon Tojiyev “Gazeta.uz”ga bu turdagi jinoyat uchun jazo aksincha yengillashtirilayotganini ma’lum qilib, palata saytidagi xabar tahrirlanishini qayd etdi.

Yangilikdan olib tashlangan qism: “Mamlakatimiz hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsada, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Qonun tashabbuskorlari shundan kelib chiqib, javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda”.

Yangilikda qoldirilgan va asosiy urg‘i berilgan qism: “Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining belgilangan sanksiyalariga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda”.

Bundan anglash mumkinki, mazkur turdagi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik, qolaversa, jinoiy sanksiyalarga qo‘shimcha yengilroq jazo turlarini kiritish taklif etilyapti.

Qonun loyihasi e’lon qilinmagani uchun jazolarga batafsilroq to‘xtalishning imkoni bo‘lmadi. Loyiha fraksiyalar yig‘ilishlarida muhokama qilib bo‘lingach, jonli efirda uzatiladigan quyi palataning yalpi majlisida muhokama qilinadi.

Jamoatchilik munosabati

Otabek Bakirov X (Twitter) tarmog‘ida yozishicha, “bu xato qaror”.

“Yana ibtidoiy ham. Mudofaa va xavfsizlikni kuchaytirish o‘rniga, yanada ojizlantiradi”, — degan fikrda iqtisodchi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham jazo kuchaytirilishini tanqid qildi.

“Qonuniy foydalanishga esa izn berilmaydi. O‘ynab qo‘yay! Hammaga dron uchirishni o‘rgatish kerak aslida”, — deb yozdi u.

Amaldagi jazo

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda Jinoyat kodeksiga 2019-yilda mamlakat hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilgan.

O‘sha harakatlar

  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
  • shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
  • badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:

  • odamlar o‘limiga;
  • halokatga;
  • boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.