“Ko‘mir ta’minot” korxonasining Toshkent viloyat filiali boshlig‘i 50 ming dollar pora olayotganda ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan filial boshlig‘i mazkur korxonaning vakant Sirdaryo viloyat filialiga rahbar sifatida ishga qabul qilinishida ko‘maklashish evaziga fuqarodan 50 ming dollar talab qilgan.

Tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, korxonaning Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi “Maroqand” va “Ziyovuddin” hududiy ko‘mir omborlari mudirlari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mirlarni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Xususan, “Maroqand” hududiy ko‘mir ombori mudiri A.B. 368,1 mln so‘mlik 1225,6 tonna ko‘mir mahsulotlarini fuqarolar olgani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlagan. Ularni naqd pulga sotib, talon-toroj qilgan.

бош prokuratura, дхх, ko‘mir ta’minotи
Foto: Bosh prokuratura.

“Ziyovuddin” hududiy ko‘mir ombori mudiri F.S. esa 549,5 mln so‘mlik 915,9 tonna ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ko‘mir ombor mudirlari protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon, Namangan va Farg‘onada aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan ko‘mirlar o‘zlashtirgani aniqlangandi.