Isroil mudofaa kuchlari (IMK) G‘azo sektoridagi “Al-Shifo” tibbiyot majmuasida HAMASga qarshi “reyd va zarurat asosida aniq va maqsadli” harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Bu haqda 15-noyabr tonggida Isroil tashkiloti X (Twitter)dagi rasmiy sahifasida xabar berdi.

“IMK G‘azoda HAMASni mag‘lub etish va garovga olinganlarni qutqarish uchun quruqlik operatsiyasini o‘tkazmoqda. Isroil G‘azodagi tinch aholi bilan emas, HAMAS bilan urishmoqda. Mudofaa kuchlari tarkibida tibbiy guruh va Arab tilida so‘zlashuvchilar bor. Ular HAMAS tomonidan tirik qalqon sifatida foydalanilayotgan tinch aholiga hech qanday zarar yetkazmaslik maqsadida ushbu murakkab va nozik muhitga kirish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. So‘nggi haftalarda Isroil mudofaa kuchlari HAMASni „Al-Shifo“ kasalxonasidan harbiy maqsadlarda foydalanishda davom etishi binoning xalqaro huquq bo‘yicha himoyalangan maqomini xavf ostiga qo‘yishi haqida ogohlantirdi va kasalxonani noqonuniy suiiste’mol qilishni to‘xtatish uchun yetarli vaqt berdi”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Isroil mudofaa kuchlari bir kun avval G‘azodagi tegishli organlarga yana bir bor kasalxonadagi barcha harbiy faoliyat 12 soat ichida to‘xtatilishi kerakligini aytgan, lekin HAMAS bunga rioya etmagan. Isroil tomoni, shuningdek, kasalxonani keng miqyosda evakuatsiya qilishni osonlashtirgani va shifoxona ma’murlari bilan muntazam muloqotni davom ettirganini iddao qilmoqda. Ular kasalxonada bo‘lgan barcha HAMAS harbiylarini taslim bo‘lishga chaqirdi.

Tarmoqlarda Isroil kuchlari kasalxonaning g‘arbiy blokida ishlayotgani, asosiy binoga hali kiritilmagani aytilgan.

BBC nashrining xabar berishicha, Isroil askarlarining “Al-Shifo” kasalxonasiga kirganini ko‘rgan guvohlar bor. BBC muxbiri bilan suhbatlashgan guvoh Isroil askarlari allaqachon shifoxonaga kirganini tasdiqlagan. Kasalxonada bo‘lgan Hader Zaanun BBC`ning G‘azodagi muxbiri Rushdi Abu Aluf bilan telefonda Isroil harbiylari tutunli granata tashlagani, shifoxonadagi jarrohlik bo‘limiga kirib borganini ko‘rganini aytgan. Shundan so‘ng Hader Zaanun bilan aloqa uzilgan.

Yana bir nashr Al Mayadeens`ning G‘azodagi muxbiriga ko‘ra, Isroil kuchlari kasalxonadagi barcha kirish joylarini qamal qilgan va binoning atrofiga tanklar joylashtirgan.

Al Jazeera xabarida aytilishicha, muassasa ichidagi shifokor Isroil hujumi bemorlar, evakuatsiya qilingan odamlar va tibbiyot xodimlari orasida qo‘rquv uyg‘otganini ma’lum qilgan.

Nashr xabariga ko‘ra, HAMAS shifoxonaga uyushtirilgan hujumdan so‘ng bayonot berib, bunda Isroil va AQSh prezidenti Jo Baydenni ayblagan.

HAMASning ta’kidlashicha, bir kun oldin AQSh bayonotida, isroilliklar aytganidek, “Al-Shifo” kasalxonasi ostidagi HAMAS qo‘mondonlik punkti Isroil armiyasiga kasalxonaga hujum qilish uchun “yashil chiroq yoqqan”. Shuningdek, tashkilot kasalxonada faqat tinch aholi borligini aytmoqda va kasalxonadan yerosti qo‘mondonlik va boshqaruv posti uchun qalqon sifatida foydalanishini rad etgan. Isroil tomoni esa buni isbotlashga urinmoqda.

“Al-Shifo” tibbiyot majmuasi haqida

“Al-Shifo” kasalxonasi G‘azo sektoridagi eng yirik va markaziy tibbiyot majmuasidir. Isroil-HAMAS urushi sabab majmua bemorlar bilan to‘lib-toshgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 7-oktabrdan beri Isroilning G‘azoga qilgan zarbalari sabab 11 300 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda HAMASning hujumlaridan halok bo‘lganlar soni 1200 nafardan ortiq.