Tadbirkorlik subyektlariga ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaganlik uchun davlat granti ajratiladi. Bu haqda 13-noyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.

Davlat granti 20 nafargacha xotin-qizni ish bilan ta’minlovchi, mahallalardagi xotin-qizlar markazlarini ochgan tadbirkorlarga beriladi.

Mablag‘ har 1 nafar bandligi ta’minlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun 3 million so‘mdan oshmagan miqdorda Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Buning uchun tadbirkorlik subyektlari 25-noyabrga qadar tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlariga loyiha takliflarini va hujjatlarini taqdim etishlari mumkin. MFY orqali taqdim etilgan loyihalar 28-noyabrgacha tuman-shahar ishchi guruhlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

30-noyabrga qadar hududiy boshqarmalar tomonidan qo‘mitaga davlat granti ajratilishi so‘ralgan buyurtmanoma yuboriladi. Loyihalar 15-dekabrga qadar respublika komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. 20-dekabrga qadar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan navbatdagi davlat granti ajratiladi.

Tanlovning zaruriy talablari va grant mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi rasmiy veb-sayti orqali yoki Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-noyabrdagi 650-sonli qarori orqali ma’lumot olish mumkin.

Hujjatda “ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda o‘tirib qolgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida mahallalarda tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yo‘nalishlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish” ko‘zda tutilgan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratilishi haqida xabar berilgandi.