Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 19-sentabrda bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida” jo‘natilgan parlament so‘roviga berilgan javobdan qoniqmaganini ta’kidladi.

26-oktabrda mazkur parlament so‘roviga javob taqdim etilgan. Belgilangan tartib bo‘yicha javob barcha partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida muhokama qilingan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Solihovning qayd etishicha, muhokamalarda respublikada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani va taqdim etilgan ma’lumotlarda bu o‘z aksini topgani ta’kidlab o‘tilgan.

Skrin: YouTube / Oliy MajlisSkrin: YouTube / Oliy Majlis

Lekin, shu bilan birga, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorda ko‘zda tutilgan savolga yetarlicha ma’lumotlar taqdim etilmagani, javoblar to‘liq bo‘lmagani uchun deputatlar tomonidan ushbu masalani qayta ko‘rib chiqish taklifi bildirilgan. Ya’ni bosh vazir o‘rinbosariga ushbu masala bo‘yicha qo‘yilgan savollarga to‘liq javob berish[ni so‘rash — tahr.] to‘g‘risida qaror qabul qilish taklifi berilgan.

Shundan kelib chiqib, 1-dekabrgacha bosh vazir o‘rinbosari qo‘shimcha javob berishi to‘g‘risida band kiritilgan.