Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida hokim yordamchisi fuqarolarning nomiga kredit olgani aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi.

Tumanning “To‘da” MFY hokim yordamchisi lavozimida 2022-yil yanvaridan beri ishlab kelgan U.T. bir vaqtda tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. O‘tgan yilning martida o‘zi ta’sischiligida tashkil etgan Volunteer Team MCHJni 2023-yil sentabriga qadar boshqargan.

U ta’minotchi sifatida fuqaro M.E. va boshqalarni aldab, ularning elektron imzolarini qo‘lga kiritib, nomiga issiqxona faoliyati tashkil etish uchun 4 marotaba 33 mln so‘mdan jami 132 mln so‘m kredit ajratilishiga erishgan. Bu pullarni o‘zi rahbarlik qilayotgan jamiyat hisobiga tushirib, ehtiyojlariga ishlatib yuborgan, deyiladi prokuratura xabarida.

Holat yuzasidan 9-noyabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan Volunteer Team MCHJ rahbari U.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b” (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan), “v” (xizmat mavqeidan foydalangan holda) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tuman IIB xuzuridagi tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda. U.T. shu yilning 31-oktabr kuni hokim yordamchisi lavozimidan ozod qilingan.

Aybi sudda isbotlansa, ayblanuvchi BHM (330 ming so‘m)ning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.