O‘zbekistonda hokimliklarga budjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi mablag‘laridan foydalanishni cheklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘tgan haftadagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Deputat Doniyor G‘aniyev 2022-yil iyun oyida jismoniy va yuridik shaxslardan yer uchastkalarini oldindan kompensatsiya to‘lamasdan olib qo‘yishni taqiqlovchi qonun imzolanganini eslatdi.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p sonli jabrlanuvchilar sud qarori qo‘lida bo‘lishiga qaramay, tovon pulini ololmayapti.

Parlament a’zosi 2024-yilgi respublika budjetida kompensatsiyalarni to‘lash uchun mablag‘ni mahalliy budjetlarga yuboriladigan transfertlar hisobidan aks ettirishni taklif qildi.

Jamshid Qo‘chqorov esa yaqinda hukumat tomonidan hokimliklarga budjet prognozlarining oshirib bajarilishi natijasida hosil bo‘lgan mablag‘lardan erkin foydalanish imkonini beruvchi hujjat loyihasi tayyorlangani haqida ma’lum qildi.

“Biz ushbu hujjatni olib, quyidagi bandni kiritamiz: agar hokimliklarning yer uchastkalarini olib qo‘yish yoki binoni buzish bo‘yicha qarzi bo‘lsa, budjetning ortiqcha bajarilgan qismini boshqa maqsadlarda ishlatish taqiqlanadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yildan buyon davlat budjetidan binolarni buzish va yer uchastkalarini olib qo‘yish uchun kompensatsiya sifatida 4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan, bu esa “katta mablag‘” hisoblanadi. Vazir o‘rganishlar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan “snos”lar holatlari ham aniqlanganini tan oldi.

Bu maqsadlarga 2023-yilda 516,6 mlrd so‘m, keyinroq esa yana qo‘shimcha 170 mlrd so‘m yo‘naltirilgan, 2024-yilda 500 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.