Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida fuqaro 21 tup qayrag‘och daraxtini noqonuniy kesib tashlagani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Fuqaro fermer xo‘jaligi yer maydoni atrofidan 21 tup qayrag‘och daraxtini xech qanday ruxsatnomalarsiz kesib tashlagan. Buning oqibatida yetkazilgan zarar 180 mln 840 ming so‘m etib hisoblangan.

Holat bo‘yicha to‘plangan xujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim etilgan, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda yanvar-sentabr oylarida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik qayd etilgan. Ushbu holatlarda 714 tup qimmatbaho navli daraxt noqonuniy kesilgan.

Shuningdek, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar yig‘ib olinishi va o‘rmon fondi yer uchastkalarini ijaraga berib yuborish holatlari aniqlanmoqda.