Ish haftasi davomida respublika bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi. Hafta boshida ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xizmati agentligi xabar qildi.

Dushanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +13…+18 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Havo harorati kundan-kunga ko‘tarilib, ish haftasining ikkinchi yarmida kunduz kungi havo harorati +21…+24 daraja iliqqacha, respublika janubida ba’zi joylarda +25…+27 darajagacha iliq bo‘ladi.

Havo harorati hafta oxiriga kelib, kechasi +7…+10 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Bunday harorat foni noyabr oyining o‘rtalari uchun iqlim qiymatlaridan +5…+8 daraja yuqori hisoblanadi.

Poytaxtda 13−17-noyabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan o‘rtacha tezlikda esadi.

Dushanba kuni kunduzi havo harorati +14…+16 daraja iliq, keyinchalik kunduzgi harorat ko‘tarilib, 16−17-noyabrda +21…+23 daraja iliq bo‘ladi. Kechasi harorat +5…+7 daraja iliqdan, +8…+10 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi.