Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Britaniya hukumati rahbari idorasi ma’lum qildi.

13-noyabr kuni bosh vazir Rishi Sunak Britaniya hukumatida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. U ichki ishlar vaziri Suella Bravermanni ishdan bo‘shatdi va uning o‘rniga avvalroq TIV rahbari lavozimida ishlab kelgan Jeyms Kleverli tayinlandi.

Tayinlovlardan Kemeron X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida so‘nggi yetti yil davomida siyosatdan uzoqlashganini yozdi, biroq uning tajribasi “hayotiy muhim muammolarni” yengishda yordam berishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya “katta xalqaro muammolar”, jumladan, Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojarolar bilan to‘qnash kelgan hamda mamlakat ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashi va hamkorlikni mustahkamlashi zarur.

Devid Kemeron 2005-yilda Konservativlar partiyasi yetakchisi, 2010-yilda esa bosh vazir bo‘lgan. U 2016-yilning yozida Brexit referendumida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng iste’foga chiqdi — sobiq bosh vazir Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqi tarkibida saqlab qolish tarafdori edi.