Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholi uchun tarqatilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura.

Xususan, nazorat tadbirlarida “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Namangan viloyat filiali tasarrufidagi Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombor mudiri U.N. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 623,7 tonna ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlanib, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi doirasida Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombor mudiri U.N. protsessual tartibda ushlandi. Tergov harakatlari boshlangan.

Shuningdek, “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Farg‘ona viloyat filiali tasarrufidagi Buvayda tuman ko‘mir ombor mudiri A.I. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 413,8 mln so‘mlik 1364,3 tonna ko‘mirlarni go‘yoki fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, ko‘mirni naqd pulga sotib, shaxsiy manfaatlari yo‘lida talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan ombor mudiriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu shaxs protsessual tartibda ushlandi. Tergov harakatlari boshlangan.