Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati️ hududlarda bir qator firibgarlik bo‘yicha gumonlanganlarni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Bek Baraka ixtisoslashgan savdo kompleksi” MCHJ direktori o‘rinbosari bozor balansidagi yangi tipda qurilgan yengil konstruksiyali savdo do‘konini sotmoqchi bo‘lgan.

Uni o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga olib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Toshkent shahrida advokatlik byurosi advokati fuqarodan 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

U o‘zining Oliy sudda ishlovchi tanishlari orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2023-yil oktabr oyidagi hal qiluv qarorini sudning appellyatsiya instansiyasi jarayonida fuqaro (sudlanuvchi) foydasiga o‘zgarishsiz qoldirish masalasini hal qilib berishni va’da qilgan.

Buxoro viloyatida o‘zini ichki ishlar idoralari xodimi deb tanishtirgan shaxs mahalliy fuqarodan uning tanishiga nisbatan IIO tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan mazkur shaxsni tergov hibsxonasidan chiqarish va unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini harakatdan tugatishni hal qilib berishini aytgan.

Evaziga 10 ming dollar talab qilgan. U oldindan 2 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Milliy gvardiya Xorazm viloyati Qo‘riqlash boshqarmasining Shovot tumani qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash markazi boshlig‘i 1400 dollar hamda 1,2 mln so‘m pulni olgan vaqtida ushlangan. U mahalliy fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.