O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar berish tartibini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 8-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Deputat Anvarxon Temirovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda ayrim ehtiyojmand oilalar ipoteka dasturi bo‘yicha uy-joy sotib olish uchun dastlabki to‘lovni to‘lashda subsidiyadan foydalana olmayapti. Sababi, subsidiya olgandan keyin banklar ish haqi kamligi yoki daromadi yetarli emasligi sababli ipoteka berishdan bosh tortmoqda.

Jamshid Qo‘chqorov hududlarda ipoteka kreditlari uchun ajratilayotgan subsidiyalarning bir qismi foydalanilmay qolayotganini tan oldi.

“Bu masala haqiqatdan ham dolzarb… Boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan, juda muhtoj oilalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun boshqa metodi kerak. Biz buning ustida alohida ish olib boryapmiz. Subsidiya ular uchun emas. Sudsidiyaning asl mazmun-mohiyati ipoteka krediti olish uchun uy uchun birinchi to‘lovni qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, lekin doimiy daromadga ega bo‘lgan oilalarga tegishli”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari uy-joy bilan bepul ta’minlash masalasi kun tartibida emasligini ta’kidladi.

“Agar bu oila muhtoj bo‘lsa, nogironlar bo‘lsa, bu oilaning daromadi o‘zi yetarli emas. Ayrim hududlarda mutasaddilar uchun subsidiya qutilish uchun dastakka aylanib qoldi. Masalan, bir beva-bechora kelib, uy so‘rasa, qo‘liga subsidiyani tutqazib yuboradi. Bu to‘g‘ri yo‘l emas”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

2023-yilda ipoteka subsidiyalari uchun qariyb 1 trln so‘m, 2024-yilda esa 1,5 trln so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.