26-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sudi O‘zbekiston prezidentining oilasi haqidagi videoga haqoratli fikr bildirgani uchun tumanda yashovchi shaxsga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” mazkur hukm bilan tanishib chiqdi.

Ish materiallariga ko‘ra, yoz fasli boshida 19 yoshli I.D. Instagram ijtimoiy tarmog‘ida President family videosi ostida Shavkat Mirziyoyev haqida izoh qoldirgan. Sud ekspertizasi unda prezidentni “haqoratlash va obro‘sizlantirish” bilan bog‘liq harakatlarni aniqladi.

Sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, do‘stlarining maslahatidan so‘ng izohini o‘chirib tashlaganini aytdi. Oradan vaqt o‘tib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan xabar topgach, 24-avgust kuni o‘z ixtiyori bilan chet eldan O‘zbekistonga qaytgan.

“U Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan norozi emasligi, shunchaki yoshlik qilib, tushunmasdan haqoratli so‘z yozib qo‘yganini aytdi”, — deyiladi sud qarorida.

I.D qilmishidan pushaymon bo‘lib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Sudya T.Almamatov uni Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasi prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish)nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Yigitga nisbatan 2 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud, shuningdek, dilshod_oke9377 Instagram sahifasini bloklashni buyurdi va bu vazifani Raqamli texnologiyalar vazirligiga yukladi.

“Gazeta.uz” mazkur modda bo‘yicha 10 ga yaqin sud qarorini o‘rganib chiqdi, unga ko‘ra, sudlanuvchilarning erkinliklari cheklangan. Shunday qilib, bu ko‘p oylardan buyon prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilgan birinchi sud qarori sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil mart oyida Jinoyat kodeksi telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetdan foydalangan holda prezidentni ommaviy haqoratlash yoki tuhmat qilish uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilgan.