Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi O‘zbekiston shaharlarida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashning avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarini o‘rnatish loyihasini amalga oshirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

10-noyabr kuni vazirlik rahbari Laziz Kudratov Albayrak Holding koordinatori Erdal Nalbant bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekiston shaharlarida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi qurilmalarni o‘rnatish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishini muhokama qildi va “tizimni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish” zarurligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya O‘zbekistonda raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Avgust oyida Erdal Nalbant Toshkentga tashrifi chog‘ida Albayrak Holding uchun IT-Park rezidenti maqomini olishga, shuningdek, xorijiy kompaniyalarga respublikada eksportni rivojlantirish uchun O‘zbekiston bozoriga kirishga imkon beradigan Zero-Risk Program — softlending dasturiga qiziqish bildirgandi.

Albayrak Holding tarkibiga 80 ta kompaniya kiradi. Ular orasida Rasat kompaniyasi yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlash, transport oqimlarini boshqarish uchun ma’lumotlarni tahlil qilish, aqlli chorrahalar va boshqalarni o‘rnatish bilan shug‘ullanadi.

Xodimlar soni 10 ming kishidan oshadi. Xolding qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash, qog‘oz ishlab chiqarish, transport va logistika, mashinasozlik, infratuzilma qurilishi va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshiradi.