10-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Italiya prezidenti Serjo Mattarellani rasmiy kutib olish marosimi hamda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, Italiya rahbari va uning qizi — mamlakat birinchi ledisini Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi qarshi oldi.

италия, savdo, ta’lim

Shundan so‘ng O‘zbekiston va Italiya prezidentlari ishtirokida ikki tomonlama muzokara o‘tkazildi. Xususan, Mirziyoyevning iyun oyida Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, 2024-yilda tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi. “Markaziy Osiyo — Italiya” muloqoti doirasida ham faol aloqalar davom ettirilishi haqida gaplashildi.

италия, savdo, ta’lim

Iqtisodiy hamkorlik sohasida o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 9 milliard yevroni tashkil etdi.

Uchrashuvda savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklif qilindi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli kooperatsiya qilinayotgani qayd etildi.

Mamlakat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish loyihalarida Italiyaning ilg‘or va yuqori texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekani bildirildi. Tomonlar Toshkent shahrida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Konfindustriya O‘zbekiston” sanoatchilar uyushmasi ochilganini olqishladi.

италия, savdo, ta’lim

Italiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tez fursatda kirishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitimning qabul qilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Italiya hududlari forumini ta’sis etish va uning ilk uchrashuvini 2024-yilda Samarqandda o‘tkazish taklif qilindi.

Toshkentdagi Turin politexnika universiteti filialining faoliyati bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol ekani qayd etildi. Ushbu yetakchi oliy ta’lim dargohi negizida Italiyaning ilg‘or texnologiyalari transferi markazi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda italyan tilini o‘rganishga qiziqish o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Maktablarda italyan tili o‘qituvchilarini tayyorlash va maktablarda uni o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi haqida yakdil fikr bildirildi.

италия, savdo, ta’lim

Shuningdek, Italiyada qo‘shma tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari muhokama qilindi.

Samarqand arxeologiya instituti hamda Bolonya va Neapol universitetlarining qo‘shma guruhi tomonidan olib borilayotgan arxeologiya izlanishlari yuqori baholandi.

Davlat rahbarlari akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma Ta’lim forumini o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.