Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbining ma’lum qilishicha, Isroil G‘azoda gumanitar tanaffuslar qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Isroil bosh vaziri Netanyaxuning idorasi bir necha kundan beri qochqinlar uchun koridorlar ochilayotganini bildirgan.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, gumanitar tanaffuslar to‘rt soat davom etadi, ular boshlanishidan taxminan uch soat oldin ogohlantiriladi. Pauzalar vaqtida ikkita gumanitar koridor ishlaydi, bu esa tinch aholiga sektorning janubiga ko‘chib o‘tish imkonini beradi.

“Isroilliklar bizga pauza vaqtida bu hududlarda hech qanday harbiy amaliyotlar o‘tkazilmasligini aytdi”, — dedi Oq uy matbuot kotibi.

Isroil AQSh bilan maslahatlashuvlar, jumladan, bosh vazir Binyamin Netanyaxu va prezident Jo Bayden o‘rtasidagi suhbatdan keyin gumanitar pauzalarni boshlashga qaror qilingan.

Netanyaxuning idorasi, o‘z navbatida, G‘azo sektorining shimolidan janubigacha bo‘lgan gumanitar yo‘laklar 5-noyabr, yakshanba kuni ish boshlaganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 8-noyabr kunida ulardan 50 ming kishi foydalangan.

The Times of Israel nashriga ko‘ra, bunday pauzalar urush boshlanganidan beri birinchi marta amalga oshirildi.

G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon, HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 812 kishi halok bo‘lgan, ularning taxminan 40 foizi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Noyabr oyi boshida Misr evakuatsiya qilish uchun G‘azo sektori bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktini ochgandi.