O‘zbekistonda tez tibbiy yordamga yolg‘on chaqiruv bo‘lgan holatlarda chaqiruvni amalga oshirgan fuqarolarga tegishli bitta chaqiruv xarajati miqdorida jarima qo‘llash amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda. Mazkur taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada keltirib o‘tilgan.

Bundan maqsad tez tibbiy yordam xizmati imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholiga manzilli tez tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish ekani ta’kidlangan. budjetnomada, shuningdek, surunkali va doimiy tez tibbiy yordam chaqiruvlariga cheklov belgilash ham taklif etilgan. Qayd etilishicha, 2023-yilda 1 ta tez tibbiy yordam chaqiruvga davlat budjetidan o‘rtacha 178,2 ming so‘m mablag‘ sarflanmoqda.

Ayni vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda maxsus xizmatlarni, jumladan, ichki ishlar organi, yong‘inga qarshi xizmat, tibbiy tez yordamni qasddan aldab chaqirganlik uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (330 ming so‘mdan 990 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bergan izohga ko‘ra, kodeksda javobgarlik belgilanganiga qaramay, jarimalarni qo‘llash tartibi bo‘yicha nizom mavjud emas. Shu sababli bu bo‘yicha nizom ishlab chiqilishi va shu jumladan, tez tibbiy yordamga bir necha bor yolg‘on chaqiruvlar qilayotganlarni jarimaga tortish tartibini aniqlashtirish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar-iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan qariyb mingtaga kamaygan. Mazkur davrda tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan jami chaqiriqlar soni esa 6 mln 337 mingtani tashkil etgan.