Toshkent shahrida issiq suv ta’minoti va issiqlik ta’minoti uchun tariflar oshirilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari poytaxt Kengashining 8-noyabrdagi qarorida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, Veolia Energy`dan issiqlik ta’minoti uchun bazaviy tarif 67,3 foizga — 1 Gkal energiya uchun 397 212 so‘mdan 664 465 so‘mgacha oshadi.

Tadbirkorlar va aholi uchun tariflar:

  • aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qoladi va u 1 Gkal uchun 91 960 so‘mni tashkil etadi;
  • yuridik shaxslar uchun 1,5 baravarga — 1 Gkal uchun 141 737 so‘mdan 212 606 so‘mgacha oshadi;
  • budjet tashkilotlari uchun 1,6 baravarga — 1 Gkal uchun 502 067 so‘mdan 801 963 so‘mgacha oshadi.

Eslatib o‘tamiz, tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent budjetidan (ba’zan respublika budjetidan) subsidiyalar hisobidan qoplanadi, ya’ni narxlar ko‘tarilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan bilvosita — ularning soliqlari hisobiga ta’sir qiladi. 2023-yilda issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplash uchun davlat budjetidan 1,8 trillion so‘m, 2024-yilda esa 4,5 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Issiqlik ta’minoti tarmog‘i va jamoat transporti uchun to‘lovlar miqdorining keskin oshishini 1-oktabrdan gaz va elektr energiyasi narxi oshgani, shu sababli issiqlik elektr stansiyalari va avtobuslar yoqilg‘ini oshirilgan narxlarda xarid qilayotgani bilan izohlash mumkin.

2021-yil avgust oyi boshida Veolia Energy Toshkent issiqlik ta’minoti tizimini nazoratga olishi ma’lum bo‘lgan edi. 1-iyuldan boshlab kompaniya 30 yil davomida Toshkent issiqlik ta’minoti tizimi nazoratini o‘z qo‘liga oldi va bunda sof foydaning 10 foizini oladi.