8-noyabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidan o‘tuvchi M-39 xalqaro avtomagistral yo‘li va ayrim xonadonlarni sel bosdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

M-39 xalqaro avtomagistralining Boysun tumani “Chilonzor” mahallasidan o‘tgan qismida sel-suv toshqinlari yo‘lning qatnov qismiga chiqib kelgan. Hodisa joyiga tuman hokimligi, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari xodimlari yetib borgan va vaziyatni nazoratga olgan.

sel-suv тошқин хавфи, сурхондарё

Hozirda sel-suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, xususan, yo‘l bo‘yida joylashgan ayrim xonadonlar va boshqa obyektlarda suv to‘plamlarini hamda yo‘ldagi loy-shag‘al aralashmasini tozalash ishlari olib borilmoqda.

“Transport harakati tiklangan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet xizmati agentligi 8−9-noyabr kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayotgani sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.