Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Kenan Poleo O‘zbekiston-Britaniya Savdo va sanoat kengashining (O‘BSSK) 27-yig‘ilishi arafasida “Gazeta.uz” muxbirining ikki davlatning sarmoyaviy va savdo salohiyati, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollari haqidagi savollariga javob berdi.

— Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda Buyuk Britaniyadan sarmoya jalb etishda qanday loyihalar ustuvor hisoblanadi?

— Markaziy Osiyo — Buyuk Britaniya uchun katta qiziqish uyg‘otadigan mintaqa, u biznes yuritish imkoniyatlari, tabiiy resurslar va Buyuk Britaniyaning innovatsion kompaniyalari bilan hamkorlik qilish uchun mos bo‘lgan kuchli sohalarga ega.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida, xususan, O‘zbekiston katta salohiyatga ega, o‘sib borayotgan bozor hisoblanadi. Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 267 mln funt sterling bo‘lib, 2021-yilda Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) 92 mln funt sterlingni tashkil etdi, bu esa har ikki mamlakatda keyinchalik yana o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun mustahkam asos borligini ko‘rsatadi.

Yaqin kunlardan eng yaxshi misol O‘zbekiston tarixda birinchi marta 4,25 trln so‘mlik “yashil” obligatsiyalarini London fond birjasiga joylashtirgani hisoblanadi. O‘zbekiston hukumati ushbu tashabbus uchun bizni tanlaganidan juda mamnunmiz. Yevrobondlardan tushgan mablag‘lar “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlarini amalga oshirish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energetika sohasida islohotlarni amalga oshirishga uchun ishlatiladi.

— 2021-yilda O‘zbekiston jahonda birinchi bo‘lib Buyuk Britaniyaning Umumiy preferensiyalar tizimining (GSP EF) kengaytirilgan sxemasiga qo‘shildi. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatdi va o‘zbek eksportyorlari uchun eksport jarayonida qiyinchiliklar bormi? Agar qandaydir qiyinchiliklar bo‘lsa, ularni bartaraf etish uchun hukumat yoki eksportchilarga qanday maslahat berasiz?

— O‘zbekiston bizning takomillashtirilgan savdo sxemamizda birinchi benefitsiar davlat bo‘lganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Buni har ikki davlatning savdo munosabatlarini faollashtirish niyatida ekani haqidagi o‘ta ijobiy belgi sifatida ko‘rish kerak. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan 7800 dan ortiq tovarlarga import boji qo‘llanmayapti, bu O‘zbekistondagi tadbirkorlik subyektlariga ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish va Buyuk Britaniyaga ko‘proq sotish imkonini beradi.

Bu, o‘z navbatida, jadal o‘sib borayotgan va yosh aholiga ega O‘zbekistonda ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Savdo qilmoqchi bo‘lgan korxonalar uchun katta yordam va qo‘llab-quvvatlash mavjud, men barchani ushbu imkoniyatdan foydalanishga chaqiraman.

— O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari asosidagi elektr stansiyalarini qurish uchun investorlarni jalb etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishgi ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Buyuk Britaniya “yashil” iqtisodiyot va energetika loyihalariga sarmoya kiritadimi?

— Buyuk Britaniya avvalgidek “yashil” va barqaror rivojlanishga erishish uchun “yashil” moliyalashtirish tashabbuslari va sa’y-harakatlarini ilgari surishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashga sodiq.

Xususan, mamlakatning energetika sohasiga qiziqishimiz va jalb etilganimiz tufayli yaqinda Buyuk Britaniya hukumatining Eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Buyuk Britaniya har doim toza energiya manbalari bo‘yicha konstruktiv muloqotlarda ishtirok etishga tayyor. Va men kelajakda qaysi nuqtalarda hamkorlik qilishimiz mumkinligini ko‘rish imkoniyatini sabrsizlik bilan kutaman.

— Tez orada O‘BSSKning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbirdan qanday natijalar kutyapsiz?

— O‘BSSK aloqalarni o‘rnatish, hamkorlik qilish va o‘zaro savdoni mustahkamlash uchun O‘zbekiston va Buyuk Britaniya hukumati hamda biznes vakillarini birlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Joriy yilning 27−30-noyabr kunlari Londonda O‘zbekistonning moliyaviy va professional xizmatlari, sarmoyaviy va savdo salohiyati, moliyaviy texnologiyalari va IT imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus sessiyalar, keyin esa biznes-forum bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rinishidan bu tadbir mamlakatlarimizdagi hamfikr biznes vakillarining bu yilgi eng yirik uchrashuvlaridan biri bo‘ladi. O‘zbekistondan tomonidan berilgan kuchli taklifni inobatga olgan holda bu uzoq yillar davomida yangi va farovon munosabatlarni mustahkamlaydigan katta voqea bo‘lishiga ishonaman.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni jadal sur’atlar bilan davom etayotganidan g‘oyat mamnunman. Bu keng ko‘lamli islohotlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning kelajakdagi salohiyatini ochishda asosiy omil bo‘ladi.

Kenan Poleo 2021-yil sentabrida Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari etib tayinlangan. Bungacha Poleo Buyuk Britaniyaning Yevropa bo‘yicha savdo komissari o‘rinbosari bo‘lgan. Yillar davomida u Innovate UK`ning global bo‘limi rahbari, shuningdek, Britaniya fan va innovatsiyalar tarmog‘ining mintaqaviy direktori lavozimlarida ishlagan. U Britaniya hukumatida turli yuqori lavozimlarda, jumladan, Yevropa Ittifoqining energiya va atrof-muhit qonunchiligi bo‘yicha direktori o‘rinbosari va Buyuk Britaniyaning ishlab chiqarish strategiyasi bo‘yicha direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.