6-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonga taklif qilish bilan bog‘liq xizmatlar to‘g‘risidagi ma’muriy reglamentni tasdiqladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, davlat xizmati ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga bevosita murojaat etish yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi.

Buning uchun ariza beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, istalgan vakolatli organga o‘zi kelib yoki YAIDXP orqali murojaat etadi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, tegishli hujjatlar ilova qilinadi. Vakolatli organ tomonidan so‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi 2 ish kuni ichida tekshiriladi.

Murojaatnoma uchun kerakli hujjatlar:

  • taklif etilgan shaxsning fotosurati (3,5×4,5 sm);
  • uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning sayohat uchun hujjati);
  • agar kerak bo‘lsa — taklif qilinganlar bilan sayohat qilayotgan voyaga yetmaganlarning hujjatlari nusxalari;
  • qarindoshlari uchun — qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar.

taklif, o‘zбекистон, chet el fuqarosi

taklif, o‘zбекистон, chet el fuqarosi

Ariza beruvchi davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 5 foizi (16 500 so‘m) miqdorida davlat boji to‘laydi.

Agar ariza beruvchining so‘rovnomasi qaytarilsa, u kamchiliklarni bartaraf etgandan so‘ng vakolatli organga 5 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda qayta murojaat qilishi mumkin. Buning uchun qo‘shimcha to‘lov qilinmaydi.

Ma’lumotlar tekshirilgach, so‘rovnoma Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasiga (maxsus vakolatli organ) yuboriladi. Tegishli organ 7 ish kuni ichida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekistonga taklif qilinishi maqsadga muvofiq yoki yo‘qligi haqida xulosa beradi.

Shunga ko‘ra, vakolatli organ tomonidan 1 ish kunida QR kod qo‘yilgan taklifnoma rasmiylashtiriladi hamda ariza beruvchiga taqdim etiladi. Taklifnoma berilgan kundan boshlab 3 oy davomida amal qiladi.