9-noyabr kuni Toshkentda “Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi YUNISEF matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga. Forum Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni va BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 2023-yilgi konferensiyaga (COP 28) bag‘ishlandi.

Tadbirda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashishda, shu jumladan ekologik ta’limni targ‘ib qilishda bolalar va yoshlarning rolini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratildi.

Forumda iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning birinchi xonimlari — O‘zbekiston prezidentining rafiqasi va Zamin xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdog‘an, Qirg‘izistondan Aygul Japarova va Erondan Jamile A’lamulxudo, shuningdek, O‘zbekiston hukumati, YUNISEF, BMT agentliklari rahbarlari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda bolalar va yoshlar yuqori martabali ishtirokchilar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

“Ular hukumat va jamiyatga iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq harakatlarni boshlashni so‘rab murojaat qilishdi. Ushbu murojaat doirasida hozirgi ekologik vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha o‘zlarining innovatsion takliflarini taqdim etishdi”, deyiladi xabarda.

Forum ochilishida Ziroat Mirziyoyeva yosh eko-faollarga murojaat qilib: “Forumning bosh ishtirokchilari — sizlar. Bugun bu yerga sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof etish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi”, deya ta’kidladi.

Tadbirda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyasi imzolandi.

Hujjatda ekologik ta’lim bo‘yicha tavsiyalar mavjud, jumladan:

  • Uzluksiz ta’lim jarayonida eko-skaut (ekologik volontyorlik) konsepsiyasini joriy etish;
  • Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish va ishga joylashishda volontyorlik faoliyatiga e’tibor berish hamda hisobga olish orqali ekovolontyorizmni ommalashtirish va rag‘batlantirish;
  • Ekologik mazmunga ega multfilm sanoatini rivojlantirish;
  • Maktab yoshidagi bolalar va yoshlarni ushbu sohadagi siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishga hissa qo‘shish imkoniyatini berish uchun iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq hukumat va davlat idoralari ishlariga jalb qilish;
  • Ekologiya sohasida yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatlar tomonidan grant dasturlari va subsidiyalar yaratish;
  • Maktab/maktabgacha ta’lim muassasalari binolari va ularga tegishli hududlarda qurish hamda rekonstruksiya qilishda yashil yechimlarni targ‘ib qilish. Bunda yashil maydonlar yaratish va ularga g‘amxo‘rlik qilish kabi tadbirlar yashil yechimlarni namoyish qilish.

“Ekologik ta’lim bo‘lajak avlodlarga shunchaki noroziliklar vakillari emas, balki o‘zgarishlar drayveriga aylanishlari uchun zarur bilim va ko‘nikmalani beradi. Bo‘lg‘usi avlodlar sayyora bilan uyg‘unlikda hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar bo‘lib yetishishlarini istaymiz. Ular sanoat korporatsiyalarida ekologik tafakkur ovozlari bo‘lsinlar. „Yashil“ va ekologik barqaror mahsulotu xizmatlarni taqdim etgan holda o‘z bizneslariga asos solsinlar”, — dedi BMTning atrof-muhit dasturi (YUNEP) ijrochi direktori Inger Andersen.

Forumda turli darajadagi — global, mintaqaviy va milliy ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha harakatlar muhokama qilindi.

“Iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir”, — deya ta’kidladi YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis.

Forum ishtirokchilari ekota’lim mavzusini muhokama qilar ekanlar, o‘quv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim ekanini qayd etdilar. Markaziy Osiyo ekofaollari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha siyosat va dasturlarni ishlab chiqishda, ko‘rilayotgan choralarni monitoring qilish va ularning borishini baholashda bolalarning ham ishtirok etish huquqi borligini alohida ta’kidladilar.