O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov o‘rindoshlik asosida mamlakatning Kanadadagi (qarorgohi Vashingtonda) elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Sidiqov may oyida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatida Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirgandi. Shuningdek, u oktabr oyida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) etib tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan.

Furqat Sidiqov 1971-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.