Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ikki yosh nikoh to‘yini kutubxonada o‘tkazdi. Bu haqda “Renessans TV” telekanalining “Ovoza” dasturida ma’lum qilindi.

Kelin shaharning “Amiri” kutubxonasi mudirasi bo‘lib ishlagan, yigit esa kitob o‘qishga bu kutubxonaga tez-tez tashrif buyurib turgan. Shu yerda tanishgan ikki yosh nikohini ham kutubxonada o‘tkazishga qaror qilgan.

“O‘qishdan bo‘sh vaqtlarim shu yerga ko‘p kelaman, kitob mutolaa qilaman. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni shu kutubxonada 2023-yil iyulda uchratganman”, — deydi kuyov.

Lavhada aytilishicha, ularning ota-onasi ham bundan xursand bo‘lgan.

“Farzandim kitobsevar. Oylik olishi bilan kitob sotib olib, shu yerga kelib o‘qir edi. Kelinimni ham shu yerda uchratib, bir-birlariga ma’qul kelibdi. Taqdir ekan, nikoh jarayonida qatnashib turibmiz”, — deydi kuyovning onasi.

Tadbirda Qo‘qon shahri hokimi Maruf Usmonov ham ishtirok etib, yoshlarga baxt tilagan.