Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Andijon viloyatida tuman prokurori o‘rinbosari va yordamchisini, Samarqand viloyatida esa prokuror yordamchisini qo‘lga oldi.

Aniqlanishicha, Andijon viloyatida fuqaroga nisbatan firibgarlik va pora berish ayblovi bilan jinoyat ishi ochilgan. Xo‘jaobod tumani prokuraturasi tergovchisi esa gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va tergovda yengillik berish evaziga 5 ming dollar talab qilgan.

DXX va prokuratura xodimlari tergovchini umumiy ovqatlanish maskanida so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlagan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish bo‘yicha ko‘rsatmani tuman prokurori o‘rinbosari berganligi to‘liq isbotlanib, u ham qamoqqa olindi, deyiladi xabarda.

дхх, pora berish, firibgarlik

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Pastdarg‘om tumani prokurori yordamchisi jinoyat ishida ayblanuvchi fuqaroga yordam berish evaziga uning qarindoshlaridan 3 ming dollar so‘ragani qayd etildi. Unga ko‘ra, prokuror yordamchisi fuqaroga sud jarayonida yengillik qilishi va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uni qamoqdan chiqarishi kerak bo‘lgan.

DXX Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror yordamchisini so‘ralgan puldan $2,5 mingini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushladi.

Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

дхх, pora berish, firibgarlik