2023-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda 127 ming 500 ta oila kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan 1 million 200 ming kambag‘al oilalar ro‘yxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi.

Shuningdek, hokim yordamchilari tomonidan har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar ishlab chiqilib, “Onlayn mahalla” platformasiga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha reglament tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2023-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda 127 ming 500 ta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasini 12 foizga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2023-yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 14 foizdan 12 foizga tushirib, 200 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligini ta’kidlagandi.